PortfolioCONSULTING

F-1 viza intervyusi: Toshkentdagi elchixonada beriladigan savollar

AQSh talaba vizasi intervyusida eng ko‘p beriladigan savollar, konsul ular orqali nimani tekshiradi va 2–4 daqiqada qanday ishonch uyg‘otish mumkin.

F-1 intervyusi qisqa: ko‘pincha 2–4 daqiqa. Konsul hujjatlaringizning hammasini o‘qimaydi — u sizni tinglaydi va bir nechta hujjatga qaraydi. Shuning uchun javoblaringiz qisqa, aniq va hujjatlarga mos bo‘lishi kerak.

Eng ko‘p beriladigan savollar

  1. Nega aynan shu universitet? Dastur, fanlar, professor, laboratoriya yoki imkoniyat — reyting emas.
  2. Nega AQSh, O‘zbekistonda o‘qisa bo‘lmaydimi? Sizning sohangiz uchun aniq farq.
  3. Yana qayerga topshirdingiz, qayerdan offer oldingiz? Halol javob; tanlovingiz mantiqini tushuntiring.
  4. O‘qishni kim to‘laydi? Homiy kim, kim bo‘lib ishlaydi, taxminan qancha daromad.
  5. Grant bormi? Bo‘lsa — summasi va nimani qoplaydi.
  6. O‘qishdan keyin nima qilasiz? Aniq reja: soha, kompaniya turi yoki loyiha O‘zbekistonda.
  7. AQShda qarindoshlaringiz bormi? Bo‘lsa — halol ayting, yashirish xavfli.
  8. GPA, SAT yoki IELTS natijangiz? Raqamlarni biling.

Konsul nimani tekshiradi

F-1 bo‘yicha qonun konsuldan arizachini «immigratsiya niyatida» deb hisoblashni talab qiladi — buni aksi bilan ko‘rsatish sizning vazifangiz. Shuning uchun «keyin nima» savoli — eng muhimi.

Qanday tayyorlanish kerak

  • Ingliz tilida ovoz chiqarib mashq qiling — kimdir siz bilan konsul rolida o‘ynasin
  • Har bir javobni 1–2 gapga sig‘diring
  • DS-160 dagi ma’lumotlarni qayta o‘qing: ish, safarlar, oila
  • Hujjatlarni tartib bilan olib boring, lekin so‘ramaguncha bermang

Intervyu kuni

Vaqtida keling, telefon va elektron qurilmalar qoidasini oldindan bilib oling. Konsul «approved» desa, pasport vizali qaytariladi; 221(g) ko‘k varaq bersa — qo‘shimcha tekshiruv yoki hujjat so‘ralgan, bu rad javobi emas.

Talaba vizasi bo‘yicha holatingiz qanday?

Qisqa anketani to‘ldiring — konsultant xavfli joylarni va keyingi qadamni aytadi.

Shu mavzuda

Barcha maqolalar →