Common App: AQSh universitetlariga ariza topshirish bosqichma-bosqich
Common App orqali AQSh universitetlariga ariza: bo‘limlar, maktab hujjatlari, counselor va tavsiyanomalar, test natijalari, to‘lov va fee waiver, muddatlar va moliyaviy yordam.
Common Application (Common App) — AQShdagi mingdan ortiq universitet va kollejga bitta onlayn platforma orqali ariza topshirish imkonini beradi. Xalqaro talabalar ham aynan shu tizimdan foydalanadi. 2026–27 yilgi sikl 1-avgustda ochildi. Quyida — har bir bo‘lim, maktabdan keladigan hujjatlar va O‘zbekistondan topshiruvchilar ko‘p qoqiladigan joylar.
Asosiy bo‘limlar
- Profile — shaxsiy ma’lumotlar, fuqarolik, aloqa
- Family — ota-ona haqida ma’lumot: ta’limi, kasbi
- Education — maktab, baholar, o‘qigan kurslaringiz
- Testing — SAT/ACT va IELTS/TOEFL/Duolingo natijalari
- Activities — 10 tagacha darsdan tashqari faoliyat
- Writing — 650 so‘zlik personal essay
- Honors — 5 tagacha mukofot
- College questions va supplements — har bir universitetning qo‘shimcha savollari va esselari
Ism va familiyani pasportdagidek yozing — test natijalari, I-20 va viza hujjatlarida bir xil bo‘lishi shart.
Test natijalari
Ko‘p universitetlar arizada natijani o‘zingiz kiritishga (self-report) ruxsat beradi, rasmiy hisobot esa qabul qilingandan keyin so‘raladi. Ba’zilari rasmiy hisobotni darhol talab qiladi — har bir universitet sahifasida tekshiring. Ingliz tili uchun IELTS, TOEFL iBT yoki Duolingo English Test qabul qilinadi; qaysi biri va qancha ball — universitetga bog‘liq.
Maktab tomonidan yuboriladigan hujjatlar
- Transcript — 9–12-sinf (yoki litsey) baholari, rasmiy inglizcha tarjima bilan
- School Report — maktab haqida ma’lumot va sizning o‘rningiz
- Counselor Recommendation — maktab maslahatchisining tavsiyanomasi
- Ikkita o‘qituvchi tavsiyanomasi — odatda asosiy fanlar o‘qituvchilaridan
- Midyear Report — oxirgi sinfning birinchi yarmi baholari (qishda)
O‘zbekiston maktablari uchun muhim
Ko‘p maktablarda counselor lavozimi yo‘q. Uning vazifasini direktor, direktor o‘rinbosari yoki sinf rahbari bajaradi. Muhimi — bu odam Common App’da ro‘yxatdan o‘tishi va hujjatlarni o‘zi yuklashi kerak. Buni sentabrdayoq kelishib oling va jarayonni tushuntiring.
School Profile tayyorlang: maktab haqida bir sahifa — baholash tizimi (5 ballik), sinflar soni, chuqurlashtirilgan fanlar. Komissiya O‘zbekiston tizimini bilmaydi, bu hujjat baholaringizni to‘g‘ri tushunishga yordam beradi.
Tavsiyanomalarni inglizcha yozish kerak. O‘qituvchi ingliz tilini bilmasa, u o‘z tilida yozadi va rasmiy tarjima ilova qilinadi. Tavsiyanoma yozuvchilarga kamida 4–6 hafta vaqt bering.
To‘lov va fee waiver
Har bir universitetning o‘z ariza to‘lovi bor — bepul bo‘lganlaridan to bir necha o‘n dollargacha. Oila to‘lay olmasa, fee waiver so‘rash mumkin: Common App’da bunday imkoniyat bor, ba’zi universitetlar xalqaro talabalarga ham alohida waiver beradi.
Muddatlar
- Common App har yili 1-avgust atrofida ochiladi
- Early Decision / Early Action — odatda 1 yoki 15-noyabr
- Regular Decision — ko‘pincha 1-yanvar va undan keyin
- Moliyaviy yordam hujjatlari — ariza muddatiga yaqin yoki undan oldin
Deadline — AQSh vaqti bo‘yicha. Toshkent vaqtida bu ko‘pincha keyingi kunning ertalabi, lekin oxirgi soatlarda sayt yuklanadi — kamida 2–3 kun oldin yuboring.
Moliyaviy yordam
Moliyaviy yordam kerak bo‘lsa, ko‘p universitetlar quyidagilarni so‘raydi: - CSS Profile — oilaning daromadi va mol-mulki bo‘yicha batafsil forma - Universitetning o‘z formalari - Daromadni tasdiqlovchi hujjatlar (ish joyidan ma’lumotnoma va boshqalar)
Muhim: ba’zi universitetlarda yordam so‘rash qabul qaroriga ta’sir qilishi mumkin (need-aware). Arizada «moliyaviy yordam so‘rayman» degan javobni keyin o‘zgartirib bo‘lmaydi — oldindan qaror qiling.
Arizani topshirish
Har bir universitetga ariza alohida yuboriladi. Yuborishdan oldin Common App PDF ko‘rinishini ko‘rsatadi — har bir sahifani tekshiring: matn kesilmaganmi, belgilar to‘g‘ri chiqqanmi. Yuborilgan arizani o‘zgartirib bo‘lmaydi (asosiy esse keyingi universitetlar uchun o‘zgartirilishi mumkin).
Yuborgandan keyin har bir universitet o‘z portalini ochadi — u yerda yetishmayotgan hujjatlar va natija ko‘rinadi. Portallarni muntazam tekshiring.
Maslahatlar
- Har bir universitetning «Questions» bo‘limini oldindan ko‘rib chiqing: ba’zilarida qo‘shimcha esselar ko‘p
- Maktab hujjatlarini birinchi navbatda tayyorlang — ular sizga bog‘liq emas va eng ko‘p kechikadi
- Barcha deadline’larni bitta jadvalga yozing: ariza, moliyaviy yordam, test natijalari
- Ro‘yxatdagi universitetlar soni — odatda 8–15 ta; har biriga sifatli supplement yozishga vaqt kerak
Profilingiz qaysi universitet va grant uchun kuchli?
Qisqa anketani to‘ldiring — konsultant real imkoniyatlaringizni baholab beradi.
Shu mavzuda
Barcha maqolalar →